Jamoatchilik kengashi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi tarkibi

Kengash raisi: Vazirlik faxriysi Ikramov  Ergashvoy Djumabayevich

Rais o‘rinbosari: O‘zbekiston suvda qutqaruv jamiyati mas’ul xodimi - Axunov Sirojiddin Tadjiddinovich

Kengash a'zolari: O‘zbekiston Respublikasi oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi - Parpibayeva Ozoda Abduqodirovna;

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti direktori - Ismailov Vaxidxan Alixanovich;

Gidrometeorologiya Ilmiy tadqiqot instituti direktori - Turg‘unov Doniyor Mannopjanovich;

Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish xizmati  boshlig‘i - Bimurzayev Gani Amirgaliyevich;

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2-bo‘lim boshlig‘i - To‘xtayev Narzullo Xudoyberdiyevich;

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi boshqarma mas’ul xodimi - Axmadaliyev Elmurod Raxmat o‘g‘li;

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi - Sattarov Xayrulla Fayzullayevich;

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim bosh mutaxassisi - Zakirova Maxfirat Soliyevna;

“ERIYELL” O‘zbekiston AJ bo‘lim boshlig‘i - Sharipov Djura’t Shavkatovich;

Toshkent shahar M.Ulug‘bek tumani A.Navoiy MFY raisi - Nazarov Baxodir Mirzayevich;

FVV muassisligidagi “Muhofaza” jurnali va “Vaziyat”gazetasi Birlashgan tahririyati DUK bosh muharriri o‘rinbosari - Qobilov Anvar Baxriddinovich;

O‘zbekiston  yong‘in o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar sporti federatsiyasi ijrochi direktori - Islamov Sardor Iskanderovich;

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Faxriylar Kengashi raisi - Mirzaitov Mirzoxid Miragzamovich

Kengash kotibi: FVV Fuqaro muhofazasi instituti Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-bioligik muhofaza kafedrasi katta o‘qituvchisi - Mardonov Alisher Abdunazarovich

Telefon raqamlari:

Kengash raisi: 78 150-32-19, 71 239-41-80.

Kengash kotibi: 71 266-50-32

Jamoatchlik kengashining yig‘ilishlari: har oyning oxirgi jumasi soat 09.00 dan 11.00 gacha

Kun tartibidagi masalalar: Vazirlik xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yahshilash, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirishda hamkorlik qilish

O‘zbekistan Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinlarda – jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

3. Jamoatchilik kengashi vazirlik Markaziy apparati huzurida tashkil etiladi
va uning faoliyati hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalarga tatbiq etiladi.

4. Jamoatchilik kengashi Favqulodda vaziyatlar vazirining buyrug‘i (qarori) bilan tashkil etiladi.

5. Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy hususiyatga ega.

6. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari
va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

7. Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi Nizom va unga kiritiladigan o‘zgartirishlar hamda qo‘shimchalar Favqulodda vaziyatlar vazirining buyrug‘i (qarori) bilan tasdiqlanadi.

2-bob. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari

8. Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:

qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish soxasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, vazirlik zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy
va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, buyurtmalar, loyixalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish buyicha vazirlik va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

birgalikda muloqot qilish, vazirlikning nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun vazirlikni fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarish;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan vazirlik faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil  qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot- kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;

vazirlik faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;

vazirlik faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, hamda faoliyat to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

vazirlik faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

vazirlik faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

vazirlik xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy- maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsagish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil  yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.

9. Jamoatchilik kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

vazirlik faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha vazirlikka tegishli takliflar kiritadi;

vazirlikning fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik  jamiyatining boshqa  institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

vazirlik faoliyatiga daxildor davlat dasturlari, chora-tadbirlar rejasi va boshqa hujjatlarni tayyorlanishi shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha taklif tayyorlaydi, shuningdek, vakolati doirasida ularning ijrosini ta’minlashda ishtirok etadi, samaradorlikni tahlil qiladi hamda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bo‘yicha taklif tayyorlaydi;

vazirlik rahbariyati va xodimlarining fuqarolar bilan joylarga chiqqan holda uchrashuvlarini tashkil qilishda hamda jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilinishida ishtirok etadi, uchrashuvlar o‘tkazilishi monitoringini yuritadi;

 vazirlik xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy- maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirishda hakorlik qiladi;

vazirlik xodimlari o‘rtasida xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy
va huquqiy muhofazasi masalalari yuzasidan keng targ‘ibot ishlarini tashkillashtiradi;

vazirlik va uning hududiy boshqarmalari hamda tarkibiy tuzilmalarida yuksak harbiy intizomga erishish, vatanga sodiq xizmat qilish, ma’naviy-axloqiy tarbiyani mustahkamlash, sog‘lom ruhiy psixologik muhitni saqlash, qonunlarga rioya qilish va huquqiy madanityatni shakllantirishga xizmat qiluvchi takliflarni ishlab chiqish;

doimiy ravishda vazirlik faoliyatini islox qilinishiga oid ma’lumotlarni keng jamoatchilikka hamda chet ellarda targ‘ibotini olib borish, mavjud muammolarni hal etish va kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqish;

vazirlik faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suxbatlarini tashkil qilishda ishtirok etadi;  

vazirlik faoliyatini ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib borilishi bo‘ycha amalga oshirilgan ishlar natijalarini tahlil qiladi hamda samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa  institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.

10. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:

vazirlik tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar tug‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

vazirlik va uning hududiy boshqarmalari, tarkibiy tuzilmalari binolari (xonalari) va boshqa ob’ektlarini vazirlik tomonidan belgilangan tartibda borib ko‘rish;

vazirlik va uning hududiy boshqarmalari, tarkibiy tuzilmalari raxbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

vazirlik faoliyati samaradorligini oshirish buyicha takliflar
va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan  vazirlikning axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

vazirlikning qonun ijodkorligi faoliyatida, vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muxokamasini ta’minlashda ishtirok etish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga vazirlik tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil  qilish;

vazirlik xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;

jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suxbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofik boshqa  huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

11. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda:

jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya kilishi;

vazirlik faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;

vazirlik va uning mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;

 vazirlik va uning mansabdor shaxslari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmasligi;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun  bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun  hujjatlariga muvofiq boshqa  majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

3-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi

12. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari kiradi.

13. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida namunali xizmat qilgan faxriylar, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik  jamiyatining boshqa  institutlari vakillari qabul qilinadi.

Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni cheklanmagan.

14. Jamoatchilik kengashining tarkibi Favqulodda vaziyatlar vazirining buyrug‘i (qarori) bilan har 2 yilda tasdiqlanadi.

15. Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chikish to‘g‘risida ariza berilganda;

jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;

ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.

16. Jamoatchilik kengashining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va unga kiritilgan o‘zgartirishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

17. Jamoatchilik kengashining raisi:

jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

jamoatchilik kengashining majlislarida raislik kiladi;

jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini
va boshqa  hujjatlarini tasdiqlaydi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;

jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;

vazirlikning rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati tug‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni Favqulodda vaziyatlar vaziri bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vaziri bilan hamkorlik qiladi;

jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa  vakolatlarni amalga oshiradi.

18. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.

19. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:

rais yo‘qligida jamoatchilik kengashining majlislarida rahbarlik qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish buyicha ishlarni tashkil etadi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa  vakolatlarni amalga oshiradi.

20. Jamoatchilik kengashining kotibi:

jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy
va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;

jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, vazirlik xodimlaridan zarur hujjatlar
va ma’lumotlarni so‘rab oladi;

kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor kiladi;

 jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;

jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi
va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa  manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa  vakolatlarni amalga oshiradi.

21. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun vazirlik tomonidan tashkil etiladigan xay’at majlislarida va boshqa  ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;

vazirlik faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

vazirlik xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni jamoatchilik kengashiga kiritadi;

jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofik boshqa  vakolatlarni amalga oshiradi.

22. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir kismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

 23. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik  jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.

24. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.

25. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisida Favqulodda vaziyatlar vaziri, uning o‘rinbosarlari va boshqa  xodimlar ishtirok etishi mumkin.

26. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

27. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

28. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga xaqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tarkibda qo‘shib qo‘yiladi.

29. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda vazirlikka, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga taqdim etiladi.

30. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan kabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

Vazirlik jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qushilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

31. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan  hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

4-bob. Yakunlovchi koidalar

32. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash vazirlik tomonidan, shuningdek, qonun  hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa  manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

33. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonun  hujjatlariga muvofiq ekanligi Favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan nazorat qilinadi.

34. Jamoatchilik kengashining va Favqulodda vaziyatlar vazirining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

FVV huzuridagi jamoatchilik kengashining 2023-yil uchun asosiy tadbirlar rejasi.pdf
FVV huzuridagi jamoatchilik kengashining 2022-yil uchun asosiy tadbirlar rejasi.pdf
FVV huzuridagi jamoatchilik kengashining 2021-yil uchun asosiy tadbirlar rejasi.pdf
FVV huzuridagi jamoatchilik kengashining 2021 yil 4 choragi uchun ish rejasi.pdf
FVV huzuridagi jamoatchilik kengashi yig‘ilishining bayoni.pdf
Favqulodda vaziyatlar vazirining buyrug‘i.pdf