BOBOKALONLARIMIZ MEROSI YOSHLAR NIGOHIDA

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan, yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga yoshlarni keng jalb qilish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Bugun o‘zbek xalqining faxri, iftixori, g‘azaliyot mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy  bobomizning 583 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.Bu sana munosabati bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki chet ellarda, xususan turkiy tilli davlatlarda ham turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ulug‘ mutafakkir shoirning dunyo adabiyotida alohida o‘rni borligining isbotidir.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida 2024 yilning 9 fevarl kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va  Qurolli kuchlar Akademiyasi bilan hamkorlikda “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosi madaniyati hamda o‘zbek davlatchiligida tutgan o‘rni yoshlar nigohida” mavzusidagi ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, talaba va kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – 2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” dasturini amaliyotga joriy etish doirasida, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, buyuk bobokalonlarimiz boy ma’naviy merosiga yuksak ehtirom ko‘rsatish va ulug‘lash hamda ularning adabiyot, san’at, madaniyat va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Tadbirni Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarov ochib, bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, 2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim vazifasi – yoshlarda o‘zlikni anglash tuyg‘usini tarbiyalash, ajdodlardan qolgan moddiy va ma’naviy, milliy adabiy merosning boshqalar oldida nechog‘lik ulkan ahamiyat kasb etishini anglatish, ular bilan faxrlanish va g‘ururlanish hissini kuchaytirishdan iborat ekanligini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, o‘zbek adabiyotshunos olimi Abdulla Qahhorning “Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini o‘tin yorishga sarf qilish kerak emas” deya ta’kidlagani bejiz emasligini, boy tarixiy merosni bilish va undan ibrat olib yashash yosh avlodning har bir vakilini hayot qiyinchiliklari va turmush mashaqqatlariga chidamli qilib tarbiyalanishini ta’kidlab o‘tdilar.

Tadbir davomida ishtirokchi yoshlar tomonidan buyuk bobokalonlarimiz boy ma’naviy meroslari bo‘lgan g‘azal va ruboiylardan namunalar ijro etilgani, mavzu doirasida tayyorlangan badiiy chiqishlari, turli xil sahna ko‘rinishlari, videolavhalar namoyishlari hamda yoshlar o‘rtasidagi qiziqarli savol-javoblar barcha qatnashchilarning qalbida iliq tassurotlar qoldirdi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mamlakatning kelajagi, so‘zsiz, yosh avlodning tarbiyasi va taraqqiyoti bilan bog‘liq. Zero, mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidan biridir.