Yoshlarni qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari

Hayot har bir kishiga ulkan va bebaho tuhfa in’om etadi, bu kuch-quvvatga to‘la yoshlik, bilim va kurashga chanqoqlik, ishonch va orzu-umidga to‘la o‘spirinlikdir. Demak, yoshlik bergan imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz zarur. Ma’lumki, mamlakatimizda 2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilindi. Bu mamlakatimiz yoshlariga bo‘lgan e’tiborning yana bir ifodasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Yangi O‘zbekistonda hozirgi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.

Bugungi kunda yoshlarimizning qaysi sohada bo‘lmasin katta yutuqlarga erishayotgani, jumladan, xalqaro sport musobaqalarining yuksak shohsupalarida davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgani, harbiy sohada erishayotgan yutuqlari mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning mevasidir.

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham kadrlar salohiyatini yanada takomillashtirish va yoshlarni qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.  

Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Andijon harbiy prokuraturasi hamkorligida Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi 11-son umumta’lim maktabi hamda 73-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga hamda o‘rta maktablarning to‘qqizinchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga o‘qishga qabul qilish tartibi yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Targ‘ibot-tashviqot ishlariga 300 nafarga yaqin o‘quvchi yoshlar jalb etilib, ularga mutaaxasislar tomonidan o‘qishga saralab olish va qabul qilish tartibi, ularga beriladigan imtiyozlar, shuningdek, yaratilgan shart-sharoitlar, bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

  Tadbir doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi va Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi faoliyatini yoritib beruvchi taqdimotlar, videorolik namoyishi o‘tkazildi hamda va bukletlar tarqatildi.

Ushbu tadbir, shijoaatli yoshlarni sharafli va mashaqqatli qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqishlarini  yanada oshirishga sabab bo‘ldi va mazkur targ‘ibot tadbirlari joylarda faol davom ettirilmoqda.