Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligi oshirilmoqda

Senatning elliginchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y bermoqda. Jumladan, 2023-yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan, jismoniy va yuridik shaxslarga esa 270,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, maʼmuriy javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Bunda maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs Kodeksning 38-moddasiga muvofiq maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar Qonunning maʼqullanishi mamlakatimizda yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olinishiga, shuningdek, uy-joy fondida o‘z xonadonida yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida ro‘y bergan yong‘inlar yuzasidan huquqbuzar deb topilgan fuqarolarning insonparvarlik tamoyili asosida ijtimoiy himoyasini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.