Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi samaradorligi yana-da oshirilmoqda

Joriy yilning 6-fevral kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Majlisda senatorlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyiha “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, xavfsizlik va millatlararo totuvlikni taʼminlashga qaratilganiga urg‘u berishdi.

Xususan, jahonda sodir bo‘layotgan murakkab global jarayonlarni inobatga olgan holda Qurolli Kuchlarning qudrati, mamlakatning mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yana-da oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ishlab chiqilgan kompleks dasturga muvofiq amaliy ishlarni jadallashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda xorijiy davlatlar armiyalari bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan o‘quvlarni axloqiy-ruhiy jihatdan taʼminlash va psixologik tadbirlarni o‘tkazish hamda soha mutaxassislarining yetakchi xorijiy davlatlar armiyalarida tajriba almashish va malaka oshirishini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek, xalqaro seysmik kuzatuvlar global tizimi bilan integratsiyalashuv asosida mamlakatimizda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi samaradorligini yana-da oshirish, aholini favqulodda vaziyatlar, kuchli zilzilalar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlarda to‘g‘ri harakat qilishga tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsad qilingan.

Qizg‘in muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilning 31-yanvar kuni ushbu Qonun Qo‘mita majlisida dastlabki tarzda qonun ijodkorlari, mutasaddi vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari hamda ekspertlar ishtirokida batafsil muhokama qilingan.

Qo‘mita majlisida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar Qo‘mita aʼzolari va ekspertlar ishtirokida o‘rganib chiqilib, mazkur Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan tahrirda Konstitutsiya va qonunchilik texnikasi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosaga kelindi.

Qonunning maʼqullanishi mamlakatimizda yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olishga, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga, shuningdek uy-joy fondida o‘z xonadonida yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida ro‘y bergan yong‘inlar yuzasidan huquqbuzar deb topilgan fuqarolarning insonparvarlik tamoyili asosida ijtimoiy himoyasini taʼminlashga xizmat qiladi.

Mazkur Qonunni Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish haqida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.