Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev Turkiy davlatlar tashkiloti favqulodda vaziyatlarni boshqarish rahbarlarining II yig‘ilishida ishtirok etdi

Joriy yilning 6-8 sentabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo va kuzatuvchi davlatlar favqulodda vaziyatlarni boshqarish rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ozarbayjon, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlari hamda TDT Bosh kotibi ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev batafsil ma’ruza qildi. Vazir bugungi kunda respublikamiz hududi va aholisini tabiiy hamda texnogen ofatlardan muhofaza qilish borasida joriy etilgan innovatsion ish uslublari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, transchegaraviy favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida qo‘shni davlatlarning tegishli idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, Vazir tabiiy ofatlarning oldini olish va erta ogohlantirish bo‘yicha ko‘p funksiyali tizim yaratishni taklif qildi.

Tadbirning ikkinchi qismida “Fuqaro muhofazasi mexanizmini yaratish to‘g‘risidagi bitim” loyihasi muhokama qilindi, so‘ngra favqulodda vaziyatlar idoralari rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazildi. Uchrashuv doirasida “Boku-2023” xalqaro mashg‘ulotlari ham bo‘lib o‘tdi.

 Eslatib o‘tamiz, Turkiy davlatlar tashkiloti “Favqulodda vaziyatlarni boshqarish” bo‘yicha rahbarlarning II yig‘ilishidan maqsad TDTga a’zo mamlakatlarning tegishli tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda favqulodda vaziyatlar vaqtida hamkorlikdagi ishlarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.