Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2023-yildagi ustuvor vazifalar ijrosi va erishilgan yutuqlari

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida 2023-yilning hisobot davrida favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va fuqaro muhofazasi sohasida qator tadbirlar Muxtaram Prezidentimizning sohaga oid farmon, qaror va topshiriqlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari asosida tashkil etildi.

Rahbarlik hujjatlaridagi vazifalarni bajarishda eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son va 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmonlari ijrosi yuzasidan Yangi O‘zbekistonning ma’muriy islohotlari doirasida vazirligimizni tashkiliy tuzilmasi takomillashtirildi.

2023-yilda toshqin suvlari, sel va suv oqimlarini xavfsiz o‘tkazish bo‘yicha Yig‘ma manzilli dastur asosida jami 67 ta suv xo‘jaligi obyektlarida 115 mlrd. so‘mlik muhandislik-muhofaza ishlari bajarildi.

Sel-toshqinlarini oldini olish bo‘yicha 211 ta maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilib, 105 km.dan ortiq masofada ichki ariq va magistral kanallar tozalandi.

Shuningdek, joriy yilda yangi qurilgan 12 ta va kapital ta’mirlangan 4 ta jami 16 ta yong‘in-qutqaruv qismlari foydalanishga topshirildi.

Shu bilan birga 50 ga yaqin yong‘in o‘chirish va maxsus avtomobillar sotib olinib, xizmatga jalb etildi.

Vazirlik faoliyati sohasidagi ustuvor vazifalar doirasida asosiy e’tibor favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar profilaktikasi tadbirlariga qaratildi.

Shuningdek, yong‘inlar profilaktikasi bo‘yicha 53 mingdan oshiq tekshirishlar, 11 513 ta tadbirkorlik subyektlari obyektlarida profilaktik ko‘riklar o‘tkazilib, 2 mln 200 ming ta yakka tartibdagi uylar va 1 mln 100 ming ta ko‘p qavatli uylardagi kvartiralarda o‘rganishlar olib borilgan. Tadbirlar davomida jami 9 mln 800 ming nafar fuqarolar bilan targ‘ibot va tushuntirish ishlari o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot ishlarini tashkil etish yuzasidan jami 13 024 ta teleko‘rsatuv, 264 140 ta radioeshittirish, gazeta va jurnallarda 6 509 ta maqolalar, veb-saytlarda 31 614 ta materiallar joylashtrildi.

FVDT boshqaruv organlarini, korxona, tashkilotlar xodimlarini va aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash bo‘yicha bir qator ishlar bajarildi.

Xususan, Fuqaro muhofazasi institutida vazirlik va idoralar hamda viloyat hokimliklarining rahbar xodimlaridan 1 847 nafari va hududiy Hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazlarida viloyat korxona va tashkilotlar rahbarlarining 22 217 nafari favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022-yilga nisbatan 2023-yilda favqulodda vaziyatlar soni 34% ya’niy 44 taga kamayishiga erishildi.

Bugungi kunda vazirlik shaxsiy tarkibi aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash tadbirlariga safarbar etilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishning choralari ko‘rilmoqda.