Hurmatli generallar, ofitser va serjantlar, xizmatchi xodimlar, qadrli faxriylar! 

Bugun Siz azizlarni kirib kelayotgan Yangi 2024-yil munosabati bilan samimiy muborakbod etish barchamizga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi. 

Qayd etish joizki, o‘tib borayotgan 2023-yil mamlakatimiz, jamiyatimiz, xususan, vazirligimiz hayotida o‘z mazmuniga ko‘ra salmoqli davr bo‘ldi. Ushbu yilda vazirligimiz mamlakatimiz va xalqaro miqyosida bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Muhtaram Yurtboshimiz rahbarliklari ostida xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish  bo‘yicha olib borilayotgan shiddatli va keng ko‘lamli, tizimli islohotlarning samarasini har birimiz yaqqol ko‘rmoqdamiz. Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasi sari dadil qadamlar tashlanayotgan ekan, ushbu ezgu amaliy sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimizning olis va chekka hududlarida ham aholi hayoti tobora farovonlashib, mavjud muammolar o‘z yechimini topmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari yurtimiz aholisi va hududlarini tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, yong‘inlardan himoya qilish bilan bir qatorda, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yashil makon” davlat dasturlari doirasidagi bunyodkorlik va obodonlashtirish, Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” bunyod etish tadbirlarida ham sidqidildan ishtirok etib, xayrli va savobli ishlarga barakali hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Ishonch bilan aytish mumkinki, bundan keyin ham “O‘z vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berish!” shiori ostida yurtimiz aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizim xodimlarining asosiy vazifasi bo‘lib qolaveradi.

Barchangizni yangi 2024-yil bilan yana bir bor qizg‘in qutlagan holda, o‘zingiz va yaqinlaringizga mustahkam salomatlik, oilaviy xotirjamlik, xonadoningizga fayzu baraka tilaymiz.

Sharafli va mashaqqatli vazifangizda ulkan omad hamda muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!

Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin! 

Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin! 

 Hurmat bilan,

                         VAZIR

general-mayor   A.X.Qo‘ldoshev