Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda Olmazor tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi

Xabar berib borayotganimizdek, qish mavsumida ob-havoning murakkab sharoitlarida energetika obyektlarini uzluksiz va barqaror ishlashi, aholiga benuqson xizmat koʻrsatilishi va xavfsizlik choralarini toʻliq taminlanishi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda sodir bo‘lganda zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahrida tungi vaqtda ham o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Xususan, Olmazor tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 2-yongʻin-qutqaruv qismi faoliyati oʻrganilib, shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, biriktirilgan maxsus texnikaning mavsumiy shayligi va texnik holati ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng, Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan aholini issiqlik bilan ta’minlovchi 10-son issiqlik markazi tomonidan yetkazib berilayotgan issiqlik ta’minoti holati, agregatlarning xavfsiz ishlash jarayonlari o‘rganildi.

Navbatdagi manzil Olmazor tumanida joylashgan tunu kun insonlar ko‘p bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Respublika Ixtisoslashtirilgan Pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazi bo‘ldi. U yerda xodimlar ish faoliyati, lokal qozonxona orqali binoga berilayotgan issiqlik, agregatlarning xavfsiz ishlashi va elektroenergiya bilan taʼminlanish sharoitlari, ularni uzluksiz va barqaror ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar, muqobil yoqilg‘i zahiralari bilan ta’minlanganlik holati ko‘zdan kechirildi.

Tadbir jarayonida ushbu tumanda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligiga qarashli Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli talabalar yotoqxonasiga tashrif buyurildi. U yerda yong‘in xavfsizligi, sanitariya, issiqlik ta’minoti, zahira elektr energiyasi holati ko‘rib chiqildi. Shuningdek, talabalar bilan suhbat o‘tkazilib, ularga yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalari eslatib o‘tildi. 

O‘rganish jarayonida, aniqlangan kamchiliklar soha masʼullari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, zarur ko‘rsatmalar berildi.