Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev boshchiligidagi ishchi guruhning tungi vaqtdagi oʻrganishlarining navbatdagi manzili Yashnobod tumani boʻldi

Xabar berib borayotganimizdek, qish mavsumida Toshkent shahridagi aholi xonadonlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlarini issiqlik ta’minoti, gaz va energiya resurslari bilan ta’minlash, ularni uzluksiz, barqaror va xavfsiz ishlashi hamda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qoʻldoshev boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda ham o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Xususan, Paxtakor stadioni avtoturargoh maydonida FVDT tarkibiga kiruvchi ixtisoslashtirilgan xizmatlar kuch-vositalari va texnikalari shayligi oʻrganildi. Shundan soʻng Yashnobod tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 19-yongʻin-qutqaruv qismi shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, biriktirilgan maxsus texnikaning mavsumiy shayligi va texnik holati koʻzdan kechirildi. Tadbir davomida tumanda joylashgan 7-son issiqlik markazi, 4-son shahar klinik shifoxonasi va 30-son mehribonlik uyiga tashrif buyurildi. U yerda qish mavsumida issiqlik va elektroenergiya bilan taʼminlanish sharoitlari, mavsum davomida uzluksiz va barqaror ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar, muqobil yoqilg‘i zahiralari hamda ularni xavfsiz ishlatilishi o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar soha masʼullari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi va zarur ko‘rsatmalar berildi.