Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda Uchtepa tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi

Xabar berib borayotganimizdek, qish faslida havo haroratining pasayib borishi natijasida aholining elektr energiyasi hamda tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ortadi. Bunday vaqtda yong‘inlar va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi mumkin. Ayni maqsadda, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qoʻldoshev boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahrida tungi vaqtda ham o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Xususan, Uchtepa tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 10-yongʻin-qutqaruv qismi faoliyati oʻrganilib, shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, biriktirilgan maxsus texnikaning mavsumiy shayligi va texnik holati ko‘zdan kechirildi.

Tadbir davomida Uchtepa tumanida joylashgan 9-son issiqlik markazi va 3-son bolalar klinik shifoxonasiga tashrif buyurildi. U yerda qish mavsumida issiqlik va elektroenergiya bilan taʼminlanish sharoitlari, mavsum davomida uzluksiz va barqaror ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar, muqobil yoqilg‘i zahiralari hamda ularni xavfsiz ishlatilishi o‘rganildi. Oʻrganish jarayonida, aniqlangan kamchiliklar soha masʼullari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, zarur ko‘rsatmalar berildi.