Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshev boshchiligidagi ishchi guruhning Toshkent shahridagi o‘rganishlari tungi vaqtda ham davom etmoqda

Havo haroratining pasayib borishi natijasida aholining elektr energiyasi hamda tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ortib boradi. Bunday vaqtda yong‘inlar va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishi mumkin. Ayni maqsadda, Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qoʻldoshev boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda ham o‘rganish ishlarini olib bormoqda.

Xususan, Olmazor tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Yongʻin-qutqaruv qismi faoliyati oʻrganilib, shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi, biriktirilgan maxsus texnikaning mavsumiy shayligi va texnik holati ko‘zdan kechirildi.

Tadbir davomida Yunusobod tumanida joylashgan 7-shahar klinik shifoxonasi va 4-son issiqlik markaziga tashrif buyurildi. U yerda qish mavsumida issiqlik va elektroenergiya bilan taʼminlanish sharoitlari, mavsum davomida uzluksiz va barqaror ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar, muqobil yoqilg‘i zahiralari hamda ularni xavfsiz ishlatilishi o‘rganildi. Oʻrganish jarayonida, aniqlangan kamchiliklar soha masʼullari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, zarur ko‘rsatmalar berildi.