FVV Akademiyasida Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi

Kecha, 30-noyabr kuni FVV Akademiyasida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida “Aholi turar joylari, jamoat binolari va sanoat obektlari xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani  o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining bir qator tegishli vazirlik, qo‘mita va tashkilotlar mas’ullari, Yoshlar ishlari agentligining faol yoshlari, universitet va institut professor – o‘qituvchilari va talabalari, FVV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad - respublikamizda qish mavsumi oldidan yong‘inlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash  chora-tadbirlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan “Yong‘in xavfsizligi oyligini” yuqori saviyada o‘tkazish hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish va uning oqibatlarini barataraf etish, mavjud muammolar, ularning yechimi va yong‘inga qarshi muhofazani takomillashtirish, o‘zaro hamkorlikni yaxshilash, tajriba almashish, o‘tkazilgan muhokama natijalarini kelgusida o‘quv jarayoniga tatbiq qilish, shuningdek kursantlar va tinglovchilarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish bilan bir qatorda, respublikamizda yong‘in xavfsizligi sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka targ‘ib qilish hamda talaba va kursantlarning nazariy, amaliy bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishdan iborat.

Anjuman doirasida ishtirokchilarga asosiy va maxsus yong‘in-qutqaruv texnikalari, kuch va vositalar uning imkoniyatlari bilan tanishtirildi, Akademiya faoliyati va yong‘in havfsizligi qoidalari to‘g‘risidagi videolavhalar namoyish etildi, shuningdek, yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar va kursantlar tomonidan yaratilgan ixtirolar, innovatsion ishlanmalarning namoyishi hamda yetakchi nashriyotlar tomonidan kitob yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, tadqiqotchilar, iqtidorli talabalarga tashakkurnoma va sertifikatlar tantanali topshirildi.