BAYROG‘IMIZ – FAXRIMIZ!

Har bir xalq, millat uchun o‘z vatanining ramzlari muqaddas hisoblanadi. Boisi, ularda o‘sha xalqning shonli o‘tmishi va buyuk kelajagi, asriy an’ana va urf-odatlari o‘z aksini topadi. Ana shunday ramzlardan biri bu — davlat bayrog‘idir.

18 noyabr — “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan kun. Davlat bayrog‘i O‘zbekiston davlat suverenitetining ramzidir.

Shu munosabat bilan 2023 yilning 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Bayrog‘imiz - faxrimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, parlament axorot markazi bo‘lim boshlig‘i G‘olibjon Mahamadjanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati yordamchisi Munisa Ergasheva, Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ozod va obod Vatanimiz — O‘zbekistonning bayrog‘i bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’ala ekani hamda Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli bo‘lish bilan birga millat bayrog‘i sifatida yuksak e’zozlanishi xususida keng fikr-mulohazalar bildirdilar.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qaerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan davlat ramzlarini ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.