Vazir o‘rinbosari va Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining a’zolarini vazirlik va idoralarga biriktirish amaliyoti joriy qilingan bo‘lib, ular tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni maqsadda, kuni kecha, Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari hamda vazirlikka biriktirilgan Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari polkovnik X.Alibayev so‘zga chiqib, vazirlik tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasidagi yangiliklar, “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar yuzasidan ishtirokchilarni yaqindan tanishtirdi.

Shundan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti Raisi Sh.Joldasova vazirlikka biriktirilgan Yoshlar parlamenti a’zolarining asosiy ustuvor vazifalari to‘g‘risidada ma’ruza qilib, vazirlik tomonidan yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori darajada e’tirof etdi. Vazirlik tomonidan yo‘lga qo‘yilgan eng namunali tajribalarni boshqa vazirlik va idoralarda ham qo‘llash imkoniyati mavjudligini hamda bu borada Yoshlar parlamenti yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Tadbir yakunida Yoshlar parlamenti “Favqulodda vaziyatlar vazirligining esdalik nishoni” va ishtirokchilar esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.