Ilmiy-amaliy anjuman

Kuni kecha, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Harbiy xizmatchilarning kasbiy-amaliy tayyorgarligi metodikasini takomillashtirish usullari: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – harbiy xizmatchilarning kasbiy-amaliy tayyorgarligi bo‘yicha uchraydigan muammolarni tahlil qilish hamda ularning yechimi to‘g‘risida asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi FVV Maxsus vazifalar bo‘yicha respublika qutqaruv markazi mas’ullari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanni Akademiya boshlig‘i, general-mayor Ravshan Haydarov ochib, yurtimiz tinchligini, osoyishta hayotimizni asrab-avaylashda Vatan himoyachilaridan, ya’ni ushbu sharafli kasb egalaridan professionallik bilan birga, yuksak jismoniy sifatlar ham talab etilayotganligini, bu borada Akademiyada ham harbiy xizmatchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilganligi, moddiy texnik bazasi mustahkamlanayotganligi va harbiy xizmatchilar so‘ngi yillarda o‘tkazilayotgan xalqaro va respublikaning bir qator sport musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotganligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, 2022-yil 20-dekabr kuni davlatimiz rahbarining Oliy majlisiga Murojaatnomasida “......Biz jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga har tomonlama qodirmiz. Tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yo‘limizni jadal davom ettiramiz!” deya so‘zlagan nutqlari e’tirof etildi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar, bugun ko‘plab sohalar qatori mamlakat mudofaa tizimida ham islohotlarning yangi bosqichi samaralari ko‘zga tashlana boshladi. Milliy armiyani isloh qilishga qaratilgan yondashuvlar ham tubdan o‘zgargani shuningdek, yuqori professional, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatli, ma’nan yetuk, jismomonan sog‘lom, fidoyi va mard harbiy xizmatchilarni tarbiyalash Respublikamiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishning eng muhim shartlaridan biri ekanligi xususida keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.

Anjuman yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan tashif buyurgan mehmonlarga hamda faol ishtirok etganlarga tashakkurnoma va sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, dolzarb mavzudagi mana shunday anjumanlarning yuqori saviyada tashkil etilishi orqali sohada mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ilmiy muhokama etish, hal etish yo‘llari bo‘yicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Akademiya axborot xizmati.