Qutqaruvchilar uchun navbatdagi yangi bino foydalanishga topshirildi

Davlatimiz siyosatining ustovor yo‘nalishlaridan biri aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishdir. Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi qutqaruvchilarning shart-sharoitlarini yanada yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Kuni kecha, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining yangi qiyofadagi binosida qurilish ishlari yakunlanib, tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Xamidullayevich Qo‘ldoshev, viloyat hamda Oqqo‘rg‘on tuman sektor rahbarlari ishtirok etdilar.

Mazkur binoda aholi orasida profilaktik tadbirlarni jadallashtirish, jangavor shaylikni, kasbiy mahoratni hamda ma’naviy bilimlarni yanada oshirib borish uchun ma’naviyat va ma’rifat xonasi, sinf xona, yotoqxona, oshxona, yuvinish xonasi kabi qulayliklar mujassamdir.

Endi bu yerda davlatimiz ravnaqi hamda aholi osoyishtaligini saqlash yo‘lida 50 nafar shaxsiy tarkib samarali xizmat olib boradi.

Shuningdek, qutqaruvchilarga tuhfa sifatida “ISUZU” rusumli zamonaviy yong‘in o‘chirish avtomobili tantanali topshirildi.

Hozirgi kunda Oqqo‘rg‘on tumanida 110 mindan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tumanda 108 ta davlat tasarrufidagi obyektlar va 1056 ta tadbirkorlik subyektlariga qarashli obyektlar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 47 ta ko‘p qavatli uylar hamda 18066 ta yakka tartibdagi aholi xonadonlari mavjud.

Ta’kidlash joizki, mazkur bino 1967-yilda qurilgan bo‘lib, shu kunga qadar biror marotaba ham ta’minlanmagan edi.

So‘ngi to‘rt yil mobaynida Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan qutqaruvchilarning shart-sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilib, jami 18 ta obyektda qurilish ishlari olib borildi. Shulardan 8 tasi yangidan barpo etilgan bo‘lsa, 10 tasida kapital ta’mirlash va rekonstrutsiya qilish ishlari olib borildi.

Amalga oshirilayotgan ishlar negizida aholiga o‘z vaqtida sifatli xizmat qilish va albatta ularni rozi qilish asosiy maqsad etib belgilangan.