Hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar holati senatorlar diqqat markazida

Bugun, 25-oktabr kuni Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarning doimiy komissiyalari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, majlisda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obyektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Parlament so‘rovida ko‘tarilgan daryo o‘zanlarida qum-shag‘al qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan subyektlaridan litsenziya yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibini takomillashtirish masalasi bo‘yicha tegishli tashkilotlarning Qo‘shma qarori qabul qilindi.

Shuningdek, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlariga muqobil uchastkalar berish bo‘yicha Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi hududlarida joylashgan 125 ta yer uchastkasi o‘rganilib, 1579 gektar yer maydonlarini egallagan 94 ta uchastkani elektron auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha dastlabki xulosalar berilgan. Ulardan 43 tasida yo‘l va elektr tarmog‘i mavjud bo‘lib, 51 ta uchastkada muhandislik-infratuzilma va kichik sanoat zonalari tashkil qilish imkoniyati mavjudligi keltirib o‘tildi.

Bundan tashqari, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi “O‘zbek kosmos” agentligi bilan hamkorlikda suv havzalarini kosmik monitoring qilish tizimini joriy etib, daryolar o‘zani va suv muhofaza qilish zonalarida noqonuniy qazish holatlarining konturlari belgilanib, 100 dan ortiq uchastkalar tanqidiy o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida 28 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ekologik talablar bajarilmaganligi uchun 15 ta subyekt bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingan.

Majlisda muhokama qilingan qonunlar va masalalar yuzasidan tegishli xulosa va takliflar bildirildi.