Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qo‘ldoshevning  25-oktabr – “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan soha xodimlariga bayram tabrigi

Assalomu-alaykum hurmatli Ichki ishlar organlari rahbariyati, xodimlari va muhtaram faxriylar!

           Bugun Siz azizlarni kasb bayramingiz bilan qizg‘in muborakbod etish bizga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Chunki Sizlarning mustaqillik yillarida yurtimiz tinchligi, xalqimiz xotirjamligini ta’minlashdagi ko‘p yillik matonatli va sharafli xizmatlaringiz ulkan e’tiborga loyiqdir.

Buni ayniqsa, hozirgi kunda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan barcha sohalar qatori Ichki ishlar vazirligi tizimida olib borilayotgan oqilona islohot va yangilanishlar jarayonida ham yaqqol kuzatib bormoqdamiz.

Mamlakatimizda jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, huquq-tartibotni mustahkamlash hamda jamoat tartibini saqlashda bugun Ichki ishlar organlarining barcha xodimlari o‘z zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni sadoqat bilan ado etib, fidoyi xizmatlari davomida xalqimizning yuksak ishonch va hurmat-e’tiborini qozonib kelmoqdalar.

Yurtimizdagi bunyodkorlik, farovonlik va taraqqiyot Sizdek soha fidoyilarining kecha-yu kunduz olib borayotgan mashaqqatli xizmatlari mahsuli desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Ichki ishlar organlari bugungi kunda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda ham bizning soha vakillariga yaqindan hamkor va ko‘makdosh bo‘lib kelmoqdalar.

Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan qutlab, el-yurt tinchligini ta’minlashdek muqaddas vazifangizni ado etishda mustahkam salomatlik, oilaviy xotirjamlik, omad va zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

 Hurmat bilan,

 O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi nomidan

 VAZIR

general-mayor  A.Qo‘ldoshev