UNWTO-2023: Global investitsiya forumi bo'lib o‘tmoqda

Samarqandda, UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Global investitsiya forumi o’z ishini boshladi. "Silk Road Samarkand" turistik markazidagi “Expomarkaz”da bo‘lib o’tayotgan forumda 140 dan ortiq xorijiy davlatlardan kelgan delegatlar, xorijiy investorlar, shuningdek, 600 ga yaqin mahalliy kompaniyalar ishtirok etmoqda.

Tadbirni UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili va UNWTO Bosh Assambleyasini Samarqand shahrida oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati Tashkiliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Aziz Abduhakimov o'z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm sohasida tizimli islohotlarning amalga oshirilishi iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish, huquqiy kafolatlarni mustahkamlash imkonini berganini alohida qayd etdi.

"Tadbirkorlar va investorlarni rag‘batlantirish maqsadida bir qator imtiyozlar yaratildi, tartiblar soddalashtirildi. Jumladan, QQS stavkasi 20 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Investorlar uchun talabgir bo‘lgan 7 mingdan ortiq xomashyo va tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod etildi, bojxona tartib-taomillari soddalashtirildi", dedi A. Abduhakimov.

Ta’kidlash joizki, forumda A. Abduhakimovga Z. Pololikashvili tomonidan «Tourism doing business. Investing in Uzbekistan» maxsus qo‘llanma topshirildi.

 Bundan tashqari, ikkitomonlama hujjatlarni imzolash marosimi ham o'tkazildi. Qolaversa, forum ishtirokchilarning stendlari taqdim etildi.

 Ikki kun davom etadigan forumda, shuningdek, dolzarb mavzulardagi panel sessiyalar, turistik va infratuzilma salohiyatiga oid va O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini namoyish etuvchi taqdimotlar ham o’tkazilishi rejalashtirilgan.