Ekologik muhofaza 

Bugungi kunda tobora globallashib borayotgan ekologik omillar va hodisalar muhofaza bilan bog‘liq tadbirlar samaradorligini oshirishni taqozo qiladi. Shu ma’noda, aytish kerakki, Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida «yashil qoplama»lar barpo etish,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida yerlarni o‘zlashtirish, yer maydonlarini tomchilatib sug‘orish tizimini yaratish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish ishlariga FVV tizimi shaxsiy tarkibi  ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. 

Xususan,  Orolbo‘yida qum ko‘chkilarini mustahkamlash, Orolning qurigan qismidan havoga zaharli aerozol changlari ko‘tarilishini kamaytirish, cho‘l sharoitiga chidamli va ozuqa o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirish, dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi.

2018-2022 yillar davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda Orol dengizining suvi qurigan tubida jami 1 mln. 769 ming ga maydonda o‘rmon-melioratsiya ishlari amalga oshirilib, 1 mln. 244 ming ga maydonga aviatsiya, 405 ming ga maxsus texnikalar, 19,4 ming ga deltaplan yordamida cho‘l o‘simliklari urug‘lari, 90 ming ga maydonga turli xil ko‘chatlar ekildi.

Birgina 2023 yilda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida “Yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlarini barpo qilish qilish bo‘yicha jami 100 ming ga reja qilinib, amalda 127 ming 819 ga 127,8 foiz, urug‘ tayyorlash bo‘yicha 380 tonna reja belgilanib, amalda 541 tonna 73 kg urug‘ zahirasi yaratildi va 142,3 foizga bajarildi.

Yer, suv, havo, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy zaxiralar kelajak avlodlarga ham tegishlidir. Kelajak avlodlar uchun sog‘lom atrof-muhitni yetkazib berish nafaqat davlatning, ayni chog‘da jamiyatning ham burchi hisoblanadi. Toki biz suv ichgan ariqdan bizdan keyin ham ichish mumkin bo‘lsin. Sizni va bizni zavqlantirgan tabiat bizning nevaralarimizni ham zavqlantirish kerak. Tabiat ajdodlardan avlodlarga meros, biz uchun esa omonatdir. Ekologik majburiyat har kunlik ongli faoliyatimizning bir qismi, e’tiqodimizning ajralmas bo‘lagi, davlatning eng asosiy funksiyalaridan biri bo‘lishi kerak.