Ko‘rik-tanlov g‘oliblari aniqlandi

FVV O‘ta muhim va toifalangan obyektlarini muhofaza qiluvchi Yong‘in-qutqaruv bo‘lim (bo‘linma)lari harbiy xizmatchilari o‘rtasida xizmat, jangovar va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar FVBlari, NKMK va LUOK Yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish markaziga bo‘ysunuvchi yong‘in-qutqaruv qismlarining qutqaruvchi maqomiga ega, yosh guruhi 35 yoshgacha bo‘lgan 71 nafar harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Musobaqa ishtirokchilari jangovar tayyorgarlik - “Kalashnikov” avtomati va “Makarov” pistoletidan o‘q otish, jismoniy tayyorgarlik – sport to‘sinida tortilish, 100 va 3000 metrga yugurish, kasbiy tayyorgarlik - test sinovlari bo‘yicha bellashdi.

Mazkur musobaqa yakuniga ko‘ra, umumiy natijada faxrli 1-o‘rinni “NKMK” AJ obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish markazi 8-YoQQ qutqaruvchisi oddiy askar Fayoz Xamroyev, 2-o‘rinni “LUOK” MChJ obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish markazi 1-YoQQ usta-qutqaruvisi oddiy askar Azizbek Fatullayev hamda 3-o‘rinni 3-YoQQ usta-qutqaruvchisi oddiy askar Xusen Ramazonovlar egalladi.

Yuqorida qayd etilgan harbiy xizmatchilar joriy yilning oktabr oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar orasida bo‘lib o‘tadigan musobaqada vazirlik tizimi nomidan ishtirok etishga yo‘llanma oldilar.

Ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida yuqori natija ko‘rsatgan harbiy hizmatchilar vazirlikning diplom va qimmat bao esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.