“Yosh qutqaruvchi” musobaqasining Jizzax viloyati boqichi g‘oliblari aniqlandi

      Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Jizzax viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda "Yosh qutqaruvchi – 2024" musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

      Unda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 21 ta jamoa 5 ta shart bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashishdi.

      Musobaqa yakunida o‘zining har tomonlama tezkor va kuchli ekanligini namoyon qilib umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida 1-o‘rinni Arnasoy tumani 20-maktabning “Chaqmoq” jamoasi, 2-o‘rinni Paxtakor tumani 2-maktabning “Alanga” jamoasi, 3-o‘rinni Sharof Rashidov tumani 28-maktabning “Humo” jamoasi qo‘lga kiritdi.

Kasb-hunar maktablari va akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida 1-o‘rinni Jizzax shahar kasb hunar maktabining “Qalqon” jamoasi, 2-o‘rinni Forish tumani kasb hunar maktabining “Lochin” jamoasi, 3-o‘rinni Sharof Rashidov tumani kasb hunar maktabining “Jasorat” jamoasi qo‘lga kiritdi.

      Musobaqa davomida “Eng xamjihat jamoa”, “Eng bilimdon jamoa”, “Eng yaxshi tibbiy yordam ko‘rsatgan jamoa” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. G‘olib va sovrindorlarga viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Musobaqalarda 350 nafar yoshlar qamrab olindi.