Hurmatli generallar, ofitser va serjantlar, xizmatchi xodimlar, muhtaram faxriylar!  

Barchangizni xalqimizning eng ezgu qadriyatlaridan biri, o‘zaro mehr-oqibat, saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

Ramazoni sharif har bir xonadonga, jonajon yurtimizga qut-baraka, sog‘lik-omonlik va baxtu saodat hamda fayzu futuh olib kelsin!

Ramazon hayiti musulmonlarning eng ulug‘ ayyomlaridan biri hisoblanib, katta shodiyona, xursandchilik va ko‘tarinki ruhda o‘tadigan muborak bayram.  Bu oy bizlarga bir-birimiz bilan yanada ahil, totuv bo‘lib yashashni, bag‘rikeng bo‘lishni, faqat o‘zimiz uchun emas, o‘zgalar uchun ham kamarbasta, fidoyi bo‘lishni o‘rgatdi.  Chunki   yurtimizda  tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishida, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi  yuksalishida bu kabi insoniy fazilatlarning o‘rni beqiyosdir. 

Muhtaram Prezidentimiz Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lgan ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bilan tabrikladilar.

Alohida aytib o‘tish kerakki, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashda vazirligimiz shaxsiy tarkibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarni fidoyilik bilan ado etib kelmoqda. Oldimizda turgan mohi Ramazon hayitini xavfsiz o‘tkazish ham biz – soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Ishonamizki, Siz – tizim harbiy xizmatchilari va xizmatchilari ushbu vazifalarni sidqidildan ado etasiz, xalqimiz hamda davlatimiz ishonchini oqlaysiz!

Aziz hamkasblar! Sizlarni yana bir bor Ramazon hayiti bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ushbu qutlug‘ kunda xalqimiz farovonligini ta’minlash, fuqarolarni 
o‘z vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berishdek sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.

 Ulug‘ ayyomimiz muborak bo‘lsin!

                     Vazir

general-mayor   A. Qo‘ldoshev