Hurmatli generallar, ofitser va serjantlar, xizmatchi xodimlar, muhtaram faxriylar!

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganligiga 28 yil to‘ldi. 

Qayd etish kerakki, o‘tgan davr mobaynida respublikamizda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida ulkan va tarixiy islohotlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan avvalo “Inson qadri uchun” tamoyili asosida barcha sohalar qatorida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi ham tubdan isloh qilinib, chinakam ma’noda, xalqimiz uchun yaqin, kerakli va ishonchli tuzilmaga aylanganligini e’tirof etish joizdir.

Bizga berilayotgan keng imkoniyatlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar, zamonaviy moddiy-texnik baza, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida ilm-fan yutuqlari, bugun o‘z xosilasini bera boshladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xususan, o‘tgan yil Yong‘in-qutqaruv sporti bo‘yicha qutqaruvchilarimiz jahon birinchiligida tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritib, O‘zbekiston davlatining dovrug‘ini yana birbor dunyoga yoydi. Turkiya davlatida sodir bo‘lgan mudhish zilzila oqibatlarini bartaraf etish va qutqaruv ishlarini professional darajada tashkil etilganligi xalqaro miqyosda e’tirof etildi.

Yurtimizda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi qabul qilinishi va unda favqulodda vaziyatlar va global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq aholi hayotiga xavf soluvchi ofatlarning oldini olishga qaratilgan bir qator vazifalarni ijrosini ta’minlash vazirligimiz zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Bundan tashqari, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da, sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini ta’minlash, Orol bo‘yida yashil qoplamalarni barpo etish, shuningdek, otaliqqa olingan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini yuqori saviyada tashkil etishimiz lozim. 

Ishonch bilan aytish mumkinki, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari bundan keyin ham “O‘z vaqtida ogohlantirish, qutqarish va yordam berish!” shiori ostida aholi
va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlarini uyushqoqlik bilan amalga oshirib, el-yurt xizmatiga kamarbasta bo‘lib boradilar.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil
topganligiga 28 yil to‘lishi munosabati bilan dildan qutlayman.

Ona Vatan va xalq manfaatlari yo‘lidagi sharafli vazifangizda mustahkam salomatlik, oilaviy xotirjamlik va ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.

Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

                       Vazir

general-mayor    A. Qo‘ldoshev