QUTQARUVCHI – XALOSKORLAR BAYRAMI

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida  “4-mart - Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganligining 28 yilligi”ga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbek Milliy Akademik drama teatri va Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatrining taniqli aktyor va aktrisalari, bir qator milliy estrada xonandalari, taniqli san’atkorlar va so‘z ustalari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi faxriylari, FVV Akademiyasi faxriylari, professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, xizmatchilar va kursantlar hamda OAV xodimllari ishtirok etdi.

Tadbirni ochib berish uchun so‘zni, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarovga berildi.

General-mayor Ravshan Haydarov o‘z so‘zida so‘nggi yillarda Vazirlik Akademiyasida olib borilayotgan islohotlar natijalari va kursantlarning bilim-malakasi, matonatini sinovdan o‘tkazish bilan bir qatorda, ularning favqulodda vaziyatlarga oldindan tayyorgarlik va bunday vaziyatlarda harakatlanishga oid bilim-malakalari yanada oshib borayotganligini, mamlakatimiz qutqaruvchilari o‘tgan oyda Turkiyada yuzaga kelgan talafotli zilzila vayronalari ostidan insonlarni qutqarib olishda ham chinakam jasorat va matonat namunalarini ko‘rsatganligini alohida e’tirof etdi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, Vazirlik tizimida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida kechayu kunduz sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan harbiy xizmatchilarimiz, qutqaruvchi va xaloskorlarni bugungi kasb bayramlari bilan tabriklab, kelajakda yosh ofitserlarga sharafli va mashaqqatli hamda mas’uliyatli faoliyatlarida muvaffiqiyatlar tiladilar.

Tadbir avvali davlatimiz ramzi bo‘lgan madhiya bilan boshlandi. Shundan so‘ng, Vazirlik va Akademiya rahbariyatining bir qator harbiy xizmatchilariga navbatdagi harbiy unvonlar, mukofotlar, tashakkurnoma va faxriy yorliqlar tantanali topshirildi.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston Respublikasi Milliy estrada xonandasi San’atbek Farmonov, Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatrining taniqli san’atkorlari Qobuljon Umirov va Gulnoza Saidovalar ijrosidagi fidoyi soha xodimlariga bag‘ishlangan taronalar va jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbir qatnashchilarida katta taassurotlar qoldirdi.

Muxtasar qilib aytganda, fursatdan foydalanib, ona Vatanimizga, xalqimizga xizmat qilib kelayotgan barcha qutqaruvchi harbiylarimizni insoniylikning eng oliy mezoni bo‘lgan savobli ishlarida muvaffiqiyatlar tilab qolamiz.

 

Akademiya axborot xizmati.