FVV Akademiyasida Respublika ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

Kuni kecha, FVV Akademiyasida tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda “O‘zbek va xorijiy tillarni o‘qitishda ilmiy-innovatsion yondashuv” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Toshkent davlat stamatologiya instituti “Lotin tili va xorijiy tillar” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent M.Israilova, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Ingliz tilini o‘qitish metodikasi” 1-kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori X.Paulanova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “O‘zbek tili va ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti I.Shakirova, Qurolli Kuchlar akademiyasi “Tillar” kafedrasi dotsenti pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) S.Qalandarova, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va talaba yoshlar hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad - “2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” dasturi doirasida yoshlarni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, kelajak avlod vakillari uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar bilan tanishtirish, harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Anjumanni Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, kimyo fanlari doktori, (DSc) dotsent O.Ziyadullayev ochib, Oliy ta’lim, o‘rta ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishda samaradorlik innovatsiyalar bilan bog‘liq ekanligini, chet tilini o‘rganishda innovatsion yondashuv, ta’lim tizimini texnologiyalashtirish, ta’lim tizimini chuqurroq isloh qilish bilan birga, ta’lim samaradorligini oshirish mumkinligi, ta’lim jarayonida tinglovchiga xorijiy ta’lim tajribalarini singdirish ijobiy natijalarni shakllantirishga sabab bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, hozirgi kunda Akademiyada ham bir qator turdosh oliy harbiy ta’lim muassasalari mutaxassislari bilan hamorlikda ta’lim tizimi va uni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani va kursantlarga chet tilini o‘qitishning samaradorligini oshirishda yangicha innovatsion texnologiyalarning ahamiyati muhimligini bu borada davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan jonajon Vatanimizda yoshlarimizga yaratib berilayotgan ulkan shart-sharoitlar zamirida ham xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan e’tibor davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanligini alohida e’tirof etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar, milliy til – xalqlar va millatlarning asosiy muloqot manbai ekanligini, til xalqlarni birlashtirishini va tarbiyadagi ahamiyatini, milliy urf-odat, an’ana va madaniyatlarni saqlashini, bugungi globallashuv va integratsiya jarayonida harbiy soha vakillariga xorijiy tillarni o‘qitishning mazmun-mohiyati va o‘qitish jarayonida turli innovatsion yondashuvlar, interfaol usullarning o‘rni va ahamiyati xususida keng fikr-mulohazalar bildirdilar.

Anjuman davomida Akademiya Orkestr jamoasi xonandasi va ijodkor kursantlar tomonidan xorijiy tillardagi mohirona ijro etilgan turli kuy-qo‘shiqlar qatnashchilarda katta tassurotlar qoldirdi.

Anjuman yakunida Anjumanga tashrif buyurgan mehmonlarga Akademiya rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

 

Akademiya axborot xizmati