Buxoroda "Men vatanparvarman" shiori ostida o'quvchi qizlar o'rtasida ko'rik tanlov o'tkazildi

O'zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ma'naviy yetuk va jismonan sog'lom barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida yurtimizning olis hududlaridagi maktablarda ta'lim olayotgan o'quvchi qizlarni jalb qilgan holda “Men vatanparvarman!” shiori ostida vatanparvarlik tadbirlariga Buxoro viloyatida start berildi.

Vatan ravnaqi g'oyasi Vatanga daxldorlik hissi mazmunini, har bir kishining manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uyg'unlashtiruvchi, uni xalq baxt-saodati yo'lida xizmat qilishga undovchi bunyodkor g'oyadir. U milliy istiqlolning oliy maqsadi O'zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarning el-yurt kamoli bilan bog'liq orzu-umidlarini amalga oshirishni ifodalaydi. Har qanday davlat o'z istiqbolini sog'lom va barkamol avlod timsolida ko'radi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayonini, kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishdek ezgu maqsadlar ro'yobini yoshlar ishtirokisiz tasavvur etib bo'lmaydi.

Buxoro viloyatining G'ijduvon tumanidagi 55-umumiy o'rta ta'lim maktabi yurtimizning olis hududdagi maktablaridan biridir. Yurtning har qarich yeri muqaddasligi mana shunday olis hududda yashashidan qat'iy nazar ko'zlarida vatanga bo'lgan muhabbat porlab turgan qizlarning tadbirga bor mehri bilan kirishganidan ma'lum bo'ldi.

Vatan himoyasida toblangan mard o'g'lonlarimiz qatorida o'zining mardlik va jasurlik fazilatlari, yuksak vatanparvarlik tuyg'usi bilan xizmat qilayotgan To'maris avlodlari jasur harbiy xizmatchi ayollarimiz ham yoshlarga har tomonlama ibrat va o'rnak namunasi bo'lib kelmoqda. “Men vatanparvarman!” shiori ostida o'tkazilgan ko'rik – tanlovda ishtirok etayotgan o'quvchi qizlar ham vatanga muhabbat va sadoqat ruhida o'zlarini haqiqiy To'maris avlodlari ekanligini namoyon etdilar.
Tadbir davomida Qurolli kuchlar harbiy orkestri, "Faxriy qorovul" jamoasi, shuningdek "SHodiyona" raqs dastasi chiqishlari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

O'tkazilgan tadbir shunchaki bellashuv emas... bu yerda zo'rlar ichida eng zo'ri bo'lgan Vatanning haqiqiy jasur qizlari, vatanparvar, yurti va xalqi uchun jonini fido qilishga tayyor bugungi zamon To'marislari jamlandi. 5 ta shart asosida qizg'in va murosasiz kurashgan qizlar o'rtasidan eng munosiblari, g'oliblari aniqlandi. Ularga Buxoro viloyati harbiy prokurorining kubogi, diplomi va esdalik sovg'alari topshirildi. Tadbir o'quvchi qizlar qalbida bir umrga tatigulik vatanparvarlik tuyg'usini kamol toptirdi.

Tadbir so‘ngida so‘zga chiqqan ishtirokchilarning onalari tadbir tashkilotchilariga alohida minnatdorchilik bildirib, bu tadbir qizlarining qalbida vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini uyg‘otib, bir umrga tatigulik ibrat maktabi bo‘lganini e'tirof etdilar.