FVV Akademiyasida “Yoshlar festivali” o‘tkazildi

Bugun, 14-fevral kuni FVV Akademiyasida Yoshlar Ittifoqining Toshkent shahar hududiy kengashi, Yangihayot tumani hokimligi bilan hamkorlikda “Tinchlik taraqqiyot va farovonlik uchun” shiori ostida “Yoshlar festivali” o‘tkazildi.

Yoshlar festivalidan ko‘zlangan maqsad – “2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, huquqiy bilimini oshirish, sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash hamda mafkuraviy immunitetini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Festivalda O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati, Yangihayot tumani hokimiyati mas’ullari, Yangihayot tumanida joylashgan umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari, Yoshlar ittifoqining toshkent shahar hududiy kengashi a’zolari, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchi va talabalari, FVV Akademiyasi harbiy xizmatchilari va kursantlar va keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Festival davomida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, yoshlarga yong‘in va qutqaruv xizmatida foydalaniladigan maxsus texnikalar namoyishi, xizmat itlari bilan ko‘rgazmali chiqishlar, kamondan o‘q otish mahorat darslari, yoshlar o‘rtasida sportning “Mini futbol”, “Stol tennisi”, “Badminton”, “Shaxmat va shashka” turlari, o‘quv qurollarini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Ko‘tarinku ruhda o‘tgan mazkur festival yoshlar qalbida katta taassurot qoldirdi.

Yakunda barcha sport turlari natijalariga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan va faol qatnashgan bir guruh yoshlar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan tantanali taqdirlandilar.