FVV ogohlantiradi:
7 iyul kuni O'zbekiston hududida ob-havo o'zgaruvchan, yog'ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s (25-43 km/soat) tezlikda esib, 15-20 m/s (54-72 km/soat)gacha kuchayishi mumkin. Harorat 34-39*S issiq bo'ladi.

Davlat tili: har nuqtada Vatan ruhi ufurib tursin!

 

Xalqimizda “Har kim o‘z tili bilan tirik”,-degan dono maqol bor. Shu maʼnoda, aytish kerakki, har bir davlat, xalq ham o‘z ona tili bilan mangu yashaydi. Hozirda yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, davlat tilini rivojlantirish borasida ezgu tashabbuslar ilgari surilib, bu borada qator amaliy natijalarga erishilmoqda. Hattoki bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun mansabdor shaxslarga maʼmuriy javobgarlik choralarini qo‘llash masalasi ham kun tartibiga chiqqan. Buning zamirida o‘zbek tilidan boshqa tilni kamsitish, imkoniyatlarini cheklash emas, balki davlat tilining nufuzi va maqomini oshirishdek xayrli maqsadlar ko‘zda tutilgan. Аlbatta, bu mavzu turli bahs-munozaralarga ham sabab bo‘lmoqda...       

Аyrim kimsalar yurtimizning davlat tili nufuzini oshirishdagi tashabbuslarini ayri tarafga burib, “pashshadan fil yasash”ga urinayotir. Mayli, ular gapiraversinlar...  

Bir haqiqat ayonki, O‘zbekiston davlati azaldan bag‘rikeng, o‘zbek xalqi bino bo‘libdiki, kamtar, mehmondo‘st, kengfeʼl. U o‘z bag‘rida yashayotgan insonlarni tili, millati, eʼtiqodidan qatʼiy nazar, birdek qadrlaydi, nomusi, shaʼni, qadr-qimmatini eʼzozlashni oliy o‘ringa qo‘yadi.   

O‘zbek tilini boshqa tillarga nisbatan ojiz deguvchi kimsalarga esa biz hazrat Alisher Navoiy bobomiz va ularning dunyoni hayratga solgan “Xamsa” dostonlari bilan javob beramiz. Shu o‘rinda Аbdurahmon Jomiyning Navoiyni eʼtirof etib aytgan mana bu fikrlarini keltirish o‘rinli: “Bu qalamga falakdan ofarinlar yog‘ilsin! Chunki bu yoqimli naqshni o‘sha qalam yaratdi va forsiy til egalari, forscha nazm durlarini tizuvchilarga rahm qildi: agar u ham shu forsiy tilda yozganida, boshqalarga so‘z aytishga majol qolmasdi. Bu mo‘jizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kim-u Xusrav kim bo‘ldi?!”.    

Ha, ana shunday ulug‘ ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib qolgan til – o‘zbek tili, yaʼni davlat tilimiz jahondagi barcha rivojlanayotgan tillar bilan birdek bellasha oladi. U o‘zining nafosati, tarovati bilan qanchalab durdona asarlarning yuzaga kelishiga zamin bo‘lgan. Shunday ekan, unga ehtirom ko‘rsatishimiz, har lahzada, har nafasda u bilan faxrlanishimiz lozim.  

Ko‘chalardagi yozuvlarga bir qaraylik. Ularda turli tillardagi ayqash-uyqash ifodalarni ko‘ramiz. Аstoydil o‘tirib hisoblasak, tashqi reklamalar, peshlavhalar, turli matnlarning aksariyati boshqa tillarda yozilgan. Nega bunday?! Bu yer, bu tuproq qandaydir begona bir chet mamlakati emas. Bu yer – O‘zbekiston! Bu go‘sha qanchalab daholar, qahramonlar, olim-u fozillar, mutafakkirlarni dunyoga bergan muqaddas makon. Nima, lavha yoki reklamalarimizni ona tilimizda yozsak, do‘konimizga xaridor kelmay qo‘yadimi?! Yoki biznesimiz, faoliyatimiz yurmay qoladimi?!    

Аksincha agar ularni sof ona tilimizda, davlat tilida yozsak, mamlakatimizning har bir go‘shasida ona Vatan, O‘zbekiston ruhi ufurib tursa, o‘z-o‘zidan yurtga, xalqqa, eng asosiysi, ona tilimizga hurmat, eʼtibor, mehr-u muhabbat tuyg‘usi yanada ortadi.

Buning uchun barchamiz fidoyi bo‘lishimiz, kasb-hunarimizdan qatʼiy nazar, oilada, mahallada, tumanda, shahar-u viloyatda, butun bir respublikamizda davlat tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu amaliy saʼy-harakatlarga munosib hissa qo‘shishimiz, ona tilimizning faol targ‘ibotchisi bo‘lishimiz kerak.

Ruhimizni, tanimizni, borlig‘imizni bugungi kunda koronavirus deb atalgan yuqumli infeksiya, yaʼnikim vabodan himoya qilganimiz kabi ona tilimizni ham shunga o‘xshash “dard”lardan, tajovuzlardan, kamsitishlardan muhofaza qilmog‘imiz, uning nufuzini oshirish, rivojlantirish yo‘lida sobitqadam bo‘lmog‘imiz lozim.     

Zero, ona tilimiz – o‘tmishimiz, bugunimiz va kelajagimizdir. Bu borada hushyorlik, ogohlik, eʼtibor va eʼtirofni yo‘qotishga aslo haqqimiz yo‘q!    

 

 

Bahodir Valiyev,

Favqulodda vaziyatlar

vaziri maslahatchisi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech